Imtihon 2018, abiturientlar bilishi shart bo'lgan ma'lumotlar.
Imtihonga tayyorlanish, hujjatlarni topshirish va imtihon natijalari!
Imtihonga tayyorlanish, bu faqat kerakli fanlarni mukammal o'rganish va test yechishdan iborat emas. O'qishga qabul qilinguningizga qadar siz bir nechta bosqichlardan o'tishingizga to'g'ri keladi. Demak biz shu bosqichlarda siz bilishingiz kerak bo'lgan ma'lumotlar bilan sizni tanishtiramiz.
1. Online test yechish.
Agar siz test to'plamlari, yangi DTM testlarda berilgan test savollarini yechib tugatgan bo'lsangiz, biz sizga Davlat Test Markazi(DTM) tomonidan chiqarilayotgan na'munaviy test savollarini yechishni tavsiya qilamiz. Quyida berilgan manzil orqali o'tib o'z bilimingizni sinab ko'ring: Davlat test markazi, yangi online test tizimi.
Eslatib o'tamiz, bu tizim orqali siz eng yangi namunaviy testlarni yechish imkoniyatiga ega bo'lasiz va test topshirish bepul.
2. Oliy o'quv yurtiga o'qishga kirish uchun topshiriladigan hujjatlar.
Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o'qishga qabul qilish tartibi to'g'risida NIZOMga asosan Abituriyentlarning o'qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham), O'zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha qabul qilinadi.
Nizomga asosan abituriyent oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- ta'lim yo'nalishi, o'quv tili, shakli ko'rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta'lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma'lumoti yo'qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo'lganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy ta'lim muassasasi, ta'lim yo'nalishini ko'rsatishlari hamda test sinovlarini o'tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to'g'ri to'ldirish bilan tanishganligi ko'rsatiladi);
- umumiy o'rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
- 086-U-shakl bo'yicha tibbiy ma'lumotnoma;
- pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug'ilganligi to'g'risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
- 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
- maxsus sirtqi bo'lim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko'chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.
Abituriyent tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug'ilganligi to'g'risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko'rsatiladi.
Harbiy qismlar qo'mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy ta'lim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi to'g'risidagi rasmiy buyruq bo'lsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).
Ko'rsatib o'tilgan hujjatlar mavjud bo'lganda oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.
Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so'ng hujjatlarga qo'shimchalar va o'zgartirishlar kiritish qat'iyan man qilinadi.
Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent test sinovlaridan (oliy ta'lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o'rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Ishonch telefonlari :
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi: 1006 yoki 0 (371) 246-01-95, 0 (371) 246-37-12
Davlat test markazi: 0 (371) 235-19-14, 0 (371) 235-56-45 Manba: http://www.uza.uz
3. Imtihon o'tkazilish vaqti va joyini qanday bilish mumkin?
Habaringiz bor 2018 yildan boshlab imtihonlar 15 kun davomida, 2 smenada o'tkaziladi. Hujjatlaringizni topshirgandan so'ng imtihon o'tkazilish vaqti va kuni haqidagi ma'lumotlarni, Davlat test markazining rasmiy saytida joriy etilgan tizim orqali bilib olishingiz mumkin. Buning uchun siz kerakli maydonga pasport ma'lumoti (seriyasi va raqami) lotin alifbosining bosh harflarida kiritasiz va tizim sizga siz topshiradigan imtihon kuni haqida ma'lumotlarni havola qiladi. Test kunini bilish tizimi
4. Imtihon vaqtida DTM hujjatlarini to'ldirish.
Abiturientlar oliy o'quv yurtlariga o'qishga kirish uchun imtihonlarga uzoq vaqt davomida tayyorgarlik ko'rishadi. Bu borada qilgan mehnatlaringiz zoyi ketmasligi uchun, imtihon vaqtida sizga taqdim etiladigan hujjatlar bilan tanishib chiqish, ularni qanday to'ldirishni o'rganganingiz maqsadga muvofiqdir. Namunalar
5. Imtihon natijalari.
2018-2019 o'quv yili imtihon natijalari, imtihon o'tkazilgan kunning ikkinchi kunida Davlat Test Markazining rasmiy saytida e'lon qilinadi. Imtihon natijalarini internet orqali bilib olish bizga qulaylik taraflari haqida ortiqcha gapirib o'tirish shart emas.
Topshirilgan hujjatlar sonini bilishning bir yo'li.
Hurmatli abiturientlar, siz hujjat topshirdingiz va "Men topshirgan yo'nalishga nechta abiturient hujjat topshirdi ekan?" - degan savol tug'ilgan bo'lsa, siz uchun ajoyib yangiligimiz bor endilikda siz, bu ma'lumotlarni onlayn bilishingiz mumkin. Dtm rasmiy saytida e'lon qilingan yangi tizim bilan tanishing. http://qabul.dtm.uz marhamat foydalaning.
Hurmatli abiturientlar, Uz-Test mualliflari barchangizga imtihonda omad tilaydi.
O'z fikrlaringizni yozib qoldirishni unutmang, sizningcha yana nimalarni bilish abiturientlar uchun foydali?
Abiturientlar qanday savollaringiz bor, saytimiz foydalanuvchilari sizga yordam beradi.